DUDUQLANISh – XASTALIKMI YoKI ODAT?

2018 May 15 Muallif : Teshaboyeva Gavhar

DUDUQLANISh – XASTALIKMI YoKI ODAT?

Bolajonlarimiz ba’zida duduqlanib turadimi? Ulardagi duduqlanish doimiymi? Duduqlanish bir umr hamrohi bo’ladimi? Shu kabi savollar, farzandida duduqlanish kuzatilgan har bir ota-onada tug‘ilishi tabiiy. O‘z jigarbandida bunday xastalikning uchrashi odamni tashvishga solib qo‘yadi. Duduqlanish – o‘zi nima? Xastalikmi yoki odat?

Duduqlanish – bu logonevroz, kasallik hisoblanadi. Kasallik deb tashxis qo‘yilishi uchun, bola tovush yoki bo‘g‘inlarni tez-tez qaytarib yoki cho‘zib talaffuz etishi, bu uning nutqi ravon talaffuz etilishiga to‘sqinlik qilishi lozim va bu buzilishlar yaqqol namoyon bo‘lishi kerak.

Juda ko‘pchilik taniqli olimlar, yozuvchilar va davlat arboblarida duduqlanish bo‘lganligi tarixdan ma’lum. Qirol Georg VI, Isaak Nyuton,  Elvis Presli,  Rouen Atkinson,  Merilin Monro, Djuliya Robertslar ham hayotining qaysidir bosqichida duduqlanganlar. Ular duduqlanishni yengib, davolanishga muvaffaq bo‘lishgan.

Xo‘sh, nimaga duduqlanish yuzaga keladi?  Ibn Sino «Tib qonunlari» da duduqlanuvchilarning shaxs xususiyatlarini keltirib o‘tgan, unga va boshqa olimlarning xulosalariga ko‘ra, uyatchanlik, o‘ta ta’sirchanlik, biroz irodasizlik, ma’lum odamlar oldida gapirishdan qo‘rqish kabi xislatlar bola xarakterida mavjud bo‘ladi. Bu xastalik yoshga bog‘lik bo‘lmaydi, lekin ko‘pincha 2 yoshdan 6 yoshgacha bo‘lgan davrda, ya’ni nutq ko‘nikmalari rivojlanayotgan paytda ko‘proq uchraydi. O‘g‘il bolalarda qizlarga nisbatan uch marta ko‘proq uchraydi. Duduqlanish ko‘pincha yosh ulg‘ayishi bilan o‘tib ketadi, faqat 1% bemorlardagina katta yoshga o‘tishi mumkin. Duduqlanishning sabablari turlicha bo’lishi mumkin. Avvalo, genetik va nevrologik omillar sabab bo’lishi mumkin, ya’ni oila yoki yaqin qarindoshlardagi duduqlanish kuzatilganligi hamda bola yoshligida qattiq qo’rqqanligi, oilada patologik tarbiya turlaridan foydalanish, ota-onasining xarakteri, ota yoki onasining duduqlanishiga taqlid qilish yoki markaziy nerv sistemasining kasalliklarida birga kelishi, kichikligida 2 xil tilda gaplashuvchi bolalar, kompyuter yoki televizor oldida ko’p o’tirganlarda ham uchrashi mumkin. Eng ko’p uchraydigani bu nevrotik duduqlanishdir. Bola noodatiy sharoitda, yangi joylar va notanish kishilar oldida duduqlanib qoladilar.

Duduqlanish yuzaga kelib bo’ldi. Endi nima qilish kerak? Davolashni kompleks tarzda olib borish lozim. Qaysi mutaxassislarga murojaat etish kerak? Nevrolog-psixoterapevt-logoped yordamidan foydalanish lozim. Nevrolog – duduqlanish tashxisini qo’yib beradi, kerak bo’lganda sedativ yoki nootrop dorilar buyurishi mumkin. Psixoterapevt – duduqlanishning asl sababini o’rganib, boladagi nevroz xolatini oldini olishga, undagi xavotirlanuvchanlik, qo’rquvni yengishga yordamlashib, muloqotga kirishuvchanlik kabi ko’nikmalarni mashq va seanslar orqali shakllantirishga yordam beradi.  Logoped esa – nutq buzilishlari bilan pedagogik ravishda shug’ullanadi. Undan tashqari, massaj, igna bilan davolash, fizioterapiyani ham tavsiya etish mumkin. Uy sharoitida ham bolaga yuqoridagilarga qo’shimcha ravishda quyidagilarni tavsiya etsa bo’ladi: fitoterapiya, aromaterapiya, tinchlantiruvchi vannalar, nafas gimnastikalari. Bu muolajalar bolani tinchlanishiga va duduqlanish kamayishiga sharoit yaratib beradi. Uy sharoitida bolaga tinchlantiruvchi vannalar – dorixonadan tinchlantiruvchi aralashma olib, vanna tayyorlasa bo’ladi. Bunday vannalardan 12-14 kun foydalanib, so’ng tanaffus qilish kerak. Bolalarga rang va tovush ta’sir qilishini inobatga olib, kechqurun xonada yoritish maksimal kamaytiriladi, uxlashdan avval yoqimli tabiat ovozi yangragan musiqalarni tinglash xam yaxshi yordam beradi. Asosiysi esa bola duduklanmasligi uchun unga ruxiy komfort xolatini yaratib berish – biz ota-onalarning vazifamizdir!

Baho bering